Toshkent shahridagi Adju universiteti yirik xalqaro tadbir — Universitetlar hamkorligi kengashining IV yig‘ilishi hamda «K-Edu, K-Culture Fair» forumiga mezbonlik qildi.
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yonning ishtiroki ushbu anjumanga o‘zgacha nufuz bag‘ishladi. Tadbir yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, Koreya ta’lim tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarni bir maydonga jamladi.
Yig‘ilish doirasida ishtirokchilar 2026-yilgi hamkorlik yakunlari va 2027-yilga mo‘ljallangan qo‘shma loyihalar istiqbollarini muhokama qildilar. Xalqaro forum doirasida tashkil etilgan ta’lim ko‘rgazmalari, interaktiv maydonchalar va madaniy dastur tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Bunday yuksak saviyadagi anjumanning aynan Adju universiteti negizida o‘tkazilishi uning O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi xalqaro akademik sheriklikni mustahkamlash hamda ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
Adju — ikki mamlakat ta’limi, madaniyati va kelajagini birlashtiradi!